O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari muqaddas Ramazon oyi boshlangani bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlariga farovonlik va ravnaq tiladilar.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar dastur doirasida faol almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonda ShHT sammitini o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashildi.
Prezidentlarning muloqoti har doimgidek ishchan va do‘stona ruhda o‘tdi.