Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu loyihalar Samarqandni zamonaviy shaharga aylantirish, aholi, tadbirkorlar va investorlar uchun qulayliklarni oshirish, turizm rivoji uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan.

Ma’lumki, yaqin yillarda Samarqand yashash uchun qulay “millionli shahar”ga aylantiriladi. Buning uchun shahar tarkibiga qo‘shni tumanlardan muayyan hududlar qo‘shiladi. Davlat idoralari va ma’muriy xizmatlar tarixiy markazdan boshqa joyga ko‘chiriladi. 2 ta tonnel va 2 ta ko‘prik quriladi.

Samarqandning asosiy drayverlaridan biri bo‘lgan turizm sohasida 40 ming kishining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Buning uchun viloyatni yurtimizning “Turizm darvozasi”ga aylantirish orqali kelgusi besh yilda sayyohlik xizmatlari hajmini 10 barobarga oshirish mo‘ljallangan. Jumladan, 600 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etiladi.

Bu sohadagi eng ulkan loyiha Samarqand biznes va turizm markazidir. 212 gektar maydonda barpo etilayotgan bu maskanda xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta mehmonxona, dam olish va ko‘ngilochar ob’ektlar, hunarmandchilik markazi, sun’iy suv havzalari bo‘ladi. Bu yerda 5 mingdan ziyod yoshlar bandligi ta’minlanadi.

Umuman, viloyatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini yiliga 5 millionga yetkazish maqsad qilingan.

Taqdimotda ushbu loyihalarning amaliy jihatlari, rejadagi inshootlarni zamonaviy va sifatli qilib qurish choralari muhokama qilindi.

Manba