SMTI va Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti hamkorligida tashkil etilgan seminar

Joriy yilning 16 aprel kuni SMTI Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti bilan hamkorlikda «O'zbekiston va Koreya Respublikalari hamjixatligi asosidagi o`zaro farovonlik istiqbollari» mavzusida Xalqaro seminar o`tkazdi.

Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad – Koreya Respublikasi Prezidentining O'zbekiston Respubliklasiga tashrifi arafasida O'zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash bo'yicha yangi takliflar ishlab chiqish.

Seminarda Janubiy Koreyaning yetakchi ekspertlari, Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi va O`zbekistonda akkreditatsiyadan o`tgan kompaniya vakillari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari ishtirok etadilar.

Xususan, seminar doirasida O'zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hamkorligining yangi bosqichida tashqi siyosat va savdo-iqtisodiy munosabatlardagi ustovor yo’nalishlar, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va imkoniyatlarini ro`yobga chiqarishda ikki davlat oldida turgan vazifalar chuqur tahlil etildi.

Seminar yakuni natijalariga ko`ra, davlatlar o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

O`zbekiston va Koreya Respublikasi ekspertlarining asosiy fikr va mulohazalari maxsus nashrda chop etildi.