Joriy yilning 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbatida tashkil etildi.
Tadbirda Institut xodimlari, SMTI qoshidagi "Yosh tahlilchilar klubi" a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbati avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov ishtirokchilar e’tiborini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 28 dekabr kuni Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishning tashkiliy chora-tadbirlariga oid alohida farmoyishi qabul qilinganligiga qaratdi.
Xususan, Institut direktori mazkur hujjat davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan siyosatning mantiqiy davomiga aylanishi lozimligi belgilab qo‘yilganini ta`kidladi.
Anjuman davomida Davlat dasturi loyihasining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Institut xodimlari tomonidan tayyorlangan tahliliy ma’ruzalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, dasturdan kelib chiquvchi Institut oldida turgan vazifalar har tomonlama muhokama etilib, ularni samarali amalga oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbirda ishtirok etgan "Yosh tahlilchilar klubi" a’zolari Davlat dasturida belgilangan alohida bandlarni samarali hayotga tadbiq etish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini ilgari surishdi hamda ular tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.