SMTIda navoiyxonlik kechasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida buyuk bobokalonimiz, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi munosabati bilan navoiyxonlik kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Gulbahor Ashurova ishtirok etdi hamda o‘zining Alisher Navoiyning dunyo tamadduni taraqqiyoti, turkiy xalqlar adabiyoti rivojlanishi, o‘zbek adabiy tili shakllanishidagi o‘rni haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Xususan, “Hazoin ul Maoniy” devoni, “Hamsa” hamda “Muhokamatul lug‘atayn” asarlari misolida Alisher Navoiy dahosining o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi atroflicha tahlil qilindi.

Shu bilan birga, Alisher Navoiy asarlaridagi insonparvarlik, ahloq, komil inson kabi g‘oyalarning zamonaviy yoshlar tarbiyasidagi roli muhokamalar markazida bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Gulbahor Ashurova Institut xodimlariga bugungi kunda mamlakatimizda navoiyshunoslik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar, ularning amaliy ahamiyati xususida ma’lumotlar berdi.

Jumladan, mutaxassisning Navoiyning davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga oid ma’lumotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, Alisher Navoiyning davlat boshqaruvi ishlarida amal qilgan tamoyillari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida Alisher Navoiyning adabiy va ma’naviy merosini nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro darajada ommalashtirish masalalariga oid qator takliflar ilgari surildi.