Joriy yilning 5 mart kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Gonkong savdoni rivojlantirish kengashining Iqtisodiy tadqiqotlar Departamenti direktori Kvan Ka Ming boshchiligidagi delegasiyasi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuv mobaynida O`zbekiston Respublikasida Harakatlar Strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O`zbekiston va Gonkong o’rtasidagi munosabatlarining hozirgi holati va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Gongkong savdoni rivojlantirish kengashi 1966 yilda Gongkong savdo kompaniyalari, ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko`rsatuvchi provayderlarini jahon bozorida ilgari suradigan rasmiy tashkilot sifatida tashkil etilgan. Tashkilot butun dunyo bo`ylab 50 ta vakolatxonasiga ega va shundan 13si Xitoyda joylashgan. Ushbu tashkilotning asosiy vazifasi Gonkong kompaniyalari imkoniyatlarini o`rganish va ularni butun dunyodagi biznes hamkorliklar bilan ta`minlashdir.
Gonkong delegasiyasining rahbari fikriga ko`ra, so`nggi yillarda O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli o`zgarishlar xorijiy sarmoyadorlar va ishbilarmonlar uchun katta imkoniyatlar ochib berdi. Shu munosabat bilan Gonkongdagi yirik korxonalar vakillari O`zbekistonda amalga oshirilayotgan sanoat loyihalariga sarmoyalarni jalb qilishga va biznes yuritishga katta qiziqish bildirishmoqda.
Tomonlar O`zbekiston va Gonkong o`rtasidagi savdo-sotiq, iqtisodiyot, sarmoya, texnologiya, ta`lim va sayyohlik sohalarida «Bir makon, bir yo`l» tashabbusi doirasida hamkorlikni kengaytirishning istiqbollari to`g`risida fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar SMTI va Gonkong Savdoni rivozhlantirish kengashi o`rtasidagi aloqalar va hamkorlikni rivojlantirishdan o`zaro manfaatdor ekanliklarini ta’kidlashdi. Tashkilotlar tomonidan kelgusi o`tkaziladigan xalqaro forumlarda va boshqa tadbirlarda tomonlar mutaxassislar ishtiroki masalasi ham muhokama qilindi.