25-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon telefon orqali muloqot qildilar.
Tojikiston Prezidenti suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisini davlat rahbari saylovida erishgan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutlab, birodar o‘zbek xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdoning o‘sish sur’atlari, sanoat kooperatsiyasi loyihalari ilgari surilayotgani, avtobuslar qatnovi qayta tiklangani, sog‘liqni saqlash va kinematografiya sohalarida faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda muhokama qilindi.