Anjumanda 20 ga yaqin ilmiy-tadqiqot, tahlil markazlarining 40 dan ziyod mutasaddi, ekspertlari, mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil may oyida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Sian shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida e’lon qilgan tashabbusini amalga oshirish doirasida o‘tkazilyapti.
Eslatib o‘tamiz, “Markaziy Osiyo – Xitoy” tahlil markazlari forumini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror tashqi ishlar vazirlarining 2021 yil may oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida qabul qilingan. Birinchi forum 2021 yil noyabr oyida Pekinda onlayn, ikkinchisi 2022 yil noyabrda Pekinda gibrid formatda o‘tgan. 2023 yil sentyabrda tashkil qilingan uchinchi anjumanda esa barcha qatnashchilar bevosita Sian shahrida to‘plangan. To‘rtinchi yig‘ilish ilk bor Xitoydan tashqarida – O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda.