O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-iyun kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Elboshi Nursulton Nazarboyevga tez orada tuzalib ketishini, mustahkam sog‘lik va kuch-quvvat tiladi.

Muloqotda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘istonning jadal rivojlanib borayotgan ikki tomonlama munosabatlari va iqtisodiyotlariga pandemiya oqibatlarining salbiy ta’sirini kamaytirish borasida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan birgalikda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bu boradagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni yanada kuchaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Qozog‘iston amaliy hamkorligi kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro manfaatli aloqalarning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘ndan ortiq yangi loyihani amalga oshirish nazarda tutilayotgan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ma’qullandi.

Bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasi yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot so‘ngida ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Manba