Joriy yilning 18 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Sent-Endryus universiteti (Buyuk Britaniya) xalqaro munosabatlar fakulteti dekani, doktor Filippo Kosta Buranelli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar Markaziy Osiyodagi mintaqaviy jarayonlarning holati va rivojlanish istiqbollarini, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi shakl va tamoyillarini, shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Britaniyalik ekspertga O‘zbekistonning mintaqada barqaror rivojlanish va barqarorlikni ta’minlash borasidagi pozitsiyasi haqida ma’lumot berildi.
Filippo Kosta Buranelli Prezident Shavkat Mirziyoyevning pragmatik va konstruktiv mintaqaviy siyosatni shakllantirish, jumladan, Markaziy Osiyoda hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Suhbat yakunida tomonlar Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash boʻyicha ekspertlar muloqotini davom ettirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.