SMTIda Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2025-yil 13-sentyabrda SMTI direktori Eldor Aripovning Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi (SHXTA) prezidenti Chen Dunsyao bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida tomonlar global va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi xalqaro tashkilotlar doirasidagi, shuningdek, "XXR - Markaziy Osiyo" formatidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan samarali fikr almashildi.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki mamlakatning asosiy xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha pozitsiyalari o‘xshashligini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘maklashish borasidagi yondashuvlar o‘xshashligi alohida ta’kidlandi.

Ikki tomonlama hamkorlikning boshqa jihatlariga e’tibor qaratar ekan, Chen Dunsyao O‘zbekiston rahbariyatining faol tashqi siyosati Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini faollashtirishga va mintaqaning xalqaro maydondagi rolini mustahkamlashga xizmat qilganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida suhbatdoshlar SMTI va SHXTA o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar. Iqlim o‘zgarishi, "yashil" energetika va transport kabi dolzarb masalalar bo‘yicha muntazam uchrashuv va qo‘shma tadbirlar tashkil etishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

SHXTA 1960-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning eng yirik va nufuzli tahlil markazlaridan biri hisoblanadi. Akademiya xalqaro siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlikning asosiy masalalari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. SMTI va SHXTA o‘rtasidagi hamkorlik 2012-yil sentyabr oyida imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum bilan mustahkamlangan.