Joriy yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Endryu Grey bilan uchrashdi.
Akramjon Ne’matov Endryu Greyni XMTning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, uning tajribasi va ko‘nikmalari mamlakatdagi migratsiya jarayonlarini boshqarish va migratsiya bilan bog‘liq masalalarni hal etishga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, Endryu Grey O‘zbekistonda so‘nggi yillarda haqiqatan ham umumdavlat miqyosiga aylangan migratsiya sohasidagi siyosatni yuqori baholadi. Toshkentda XMTning alohida vakolatxonasi ochilishi tashkilotning respublika bilan migratsiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqlaydi.
Suhbat chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan sohalarda o’zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Xususan, tashqi mehnat migratsiyasini takomillashtirish, iqlim o‘zgarishining migratsiya jarayonlariga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borishga kelishib olindi.
Tomonlar hamkorlikni institutsionallashtirish maqsadida SMTI va XMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni, shuningdek, qo‘shma tadbirlar rejasini imzolashga qiziqish bildirdilar.