2025-yil 11-iyun kuni SMTI direktori Eldor Aripov Estoniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yaap Ora bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston-Estoniya hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qildilar.
Suhbat avvalida Eldor Aripov Yaap Orni lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning faoliyati O‘zbekiston-Estoniya munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Elchi, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlarini yuqori baholab, ular fuqarolar farovonligining o‘sishi va O‘zbekistonning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. "Biz ushbu o‘zgarishlarni faol qo‘llab-quvvatlashga va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyormiz," - dedi diplomat.
Shu asnoda, ikki tomonlama hamkorlikning, ayniqsa savdo-iqtisodiy sohadagi barqaror rivojlanishi qayd etildi. 2016-yildan boshlab o‘zaro savdo hajmi o‘n barobardan ziyod oshdi. Bu asosan xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek og‘ir mashinasozlik mahsulotlari va tibbiy jihozlar eksporti hisobiga yuz berdi. Hozirda O‘zbekistonda Estoniya sarmoyadorlari ishtirokidagi sakkizta korxona muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari raqamlashtirish, innovatsiyalar va "yashil iqtisodiyot" kabi sohalaridagi hamkorlik o’zaro munosabatlarning istiqbolli yo‘nalishlariga aylanib borayotganini ta’kidladilar.
Tomonlar mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilar ekan, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarilganini qayd etishdi. Ayniqsa, Samarqandda o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo - YeI" sammitiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu sammit kelgusi hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini belgilab bergani qayd etildi.
Suhbat chog’ida ekspertlar muloqotini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Suhbatdoshlar ikki mamlakat tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatli yangi yo‘nalishlarni topishga xizmat qilishini ta’kidladilar.