Joriy yilning 27-sentyabrida SMTI direktori Eldor Aripov va Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Ahmad Faruq o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Fursatdan foydalanib, SMTI rahbari mehmonni Pokistonning mamlakatimizdagi elchisi sifatidagi faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar, jumladan, Afg'onistondagi vaziyat muhokama qilindi.
So'nggi paytlarda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishdir.
Shu nuqtai nazardan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2016-yilga nisbatan 6,5 baravardan ortiq (2022-yilda 36,5 million dollardan 239,5 million dollarga) oshgani qayd etildi. Yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilingan. Transport, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlik faol rivojlanmoqda.
Uchrashuvda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bunda, tomonlar hamkorlikning transport-kommunikatsiya komponentini kengaytirish, xususan, Transafg‘on transport koridorini amalga oshirishga e’tibor qaratdilar. Mazkur loyiha savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari barqarorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, suhbatdoshlar, O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqishga xizmat qilayotgan O‘zbekiston va Pokistonning tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yuqori darajasini mamnuniyat bilan qayd etdilar.