Joriy yilning 24-aprel kuni SMTI direktori Eldor Aripov O‘zbekistonga yangi tayinlangan Turkiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Ufuk Ulutash bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ufuq Ulutash xalqaro munosabatlar sohasida e’tirof etilgan mutaxassis hisoblanadi. U o‘zining kasbiy faoliyati davomida Yaqin Sharq tarixi va siyosati, shuningdek Turkiyaning mintaqadagi tashqi siyosati masalalari bo‘yicha bir qator fundamental tadqiqotlarni chop etgan. Avvalroq u "SETA" jamg‘armasida (2013-2018 yillar), Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Strategik tadqiqotlar markazida (2018-2023 yillar) rahbarlik lavozimlarida ishlagan, shuningdek Turkiyaning Vatikandagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan.
SMTI direktori Eldor Aripov janob U.Ulutashni yuqori lavozimga tayinlanishi munosabati bilan tabriklab, uning boy kasbiy tajribasi O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
O‘tkazilgan muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Ikki mamlakatning yetakchi tahlil markazlari o‘rtasidagi sheriklikni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yuqori martabali mehmon Turkiya va O‘zbekistonning ekspert-tahlil institutlari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ekspertlar muloqotini rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar, ikki mamlakatning tegishli tahlil markazlari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni tashkil etishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.