SMTIda Germaniya xalqaro munosabatlar va xavfsizlik institutining Sharqiy Yevropa va Yevroosiyo bo'yicha yetakchi eksperti Sebastian Shik va Rim geosiyosiy tadqiqotlar institutining Yevroosiyo dasturi ishtirokchisi Fabrissi Vielmini ishtirokida davra suhbati bo`lib o`tdi.
Tadbir davomida O'zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Fransiya va Germaniyaga rasmiy tashriflari natijalari tahlil qilindi.
Davra suhbatida ta'kidlanishicha, O'zbekiston rahbarining Yevropa davlat rahbarlari bilan o'tkazgan oliy darajadagi muzokaralari natijalari O'zbekiston-Yevropa munosabatlarini keng ko`lamli rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjud ekanligidan guvohlik bermoqda. Yaqin davrda kutilayotgan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti F.V.Steinmeierning O`zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarga yanada ijobiy ta'sir ko'rsatish imkoniyatiga ega.
Shu munosabat bilan Yevropadagi hamkorlar bilan aloqalarni innovatsion-yuqori texnologiyalar sohasida kengaytirish va ushbu texnologiyalarni jalb qilish orqali O'zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
Davlatning xususiy sektor bilan hamkorligini ko`zda tutadigan yangi biznes-modellarni amalga oshirish va o`quv markazlari va biznes o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan zamonaviy ta'lim klasterlarini tashkil etish bo'yicha o`zaro tajriba almashishning maqsadga muvofiq ekanligi ta`kidlandi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari xalq diplomatiyasini mustahkamlash maqsadida turizmni va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta'kidladilar.
Davra suhbati yakunida tomonlar mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalari va ikki tomonlama munosabatlarning qo`llanilmagan salohiyatini o`rganish maqsadida qo`shma tadqiqotlar, tadbirlar va mavzuli munozaralar o`tkazish orqali O'zbekiston, Germaniya va Italiyaning analitik markazlari o'rtasidagi hamkorlikni kelgusida yanada rivojlantirish bo'yicha kelishuvga keldilar.