O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlik “yo‘l xaritasi”ga kiritilgan ustuvor tarmoqlardagi iqtisodiy kooperatsiya loyihalarini yanada ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.

Hududlar va biznes darajasida faol muloqotlarni davom ettirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan MDH va ShHT doirasidagi muloqotni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Manba