Shavkat Mirziyoyev xalqimizni Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida 21-mart kuni Navro‘z bayrami shodiyonasi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bayram bilan tabrikladi.

Navro‘zda tabiatda ro‘y beradigan uyg‘onish va yangilanish yurtimizdagi o‘zgarishlarga uyg‘un. So‘nggi besh yilda Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalar rivojlantirildi, hududlar qiyofasi yangilandi. 

Bunday ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” dasturi qabul qilindi.

- Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulug‘vor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda, - dedi davlat rahbari.

Buning tasdig‘ini har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlarimiz misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Yurtimizda yuzlab zamonaviy korxonalar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, uy-joylar, yangi bog‘cha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda. 

Barcha hududlarda “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari, “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida, butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda odamlar hasharlar qilib, ko‘chat va gullar ekib, yangi bog‘lar, sayilgohlar yaratmoqda. Aytish mumkinki, ayni paytda butun mamlakatimiz bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.

Prezident o‘z tabrigida Navro‘zning mohiyati, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida alohida to‘xtaldi.

- Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, Vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni, ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi. Navro‘z hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Bugungi murakkab dunyoda xalqimiz hayotini, farzandlarimiz kelajagini, musaffo osmonimizni asrab-avaylash uchun har birimiz mas’ul va javobgar ekanimizni yanada chuqurroq his etamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari bayramda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillarini, chet ellardagi vatandoshlarimizni ham samimiy tabrikladi.

Shuningdek, 22-mart kuni nishonlanadigan Mahalla kuni munosabati bilan ushbu tizim faollari, oqsoqollar, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qutlandi.

Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Ushbu tantanadan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z saylida ishtirok etdi, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.

Navro‘z mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Sayilda ana shu ahillik, yurtimizdagi millatlararo do‘stlik yaqqol namoyon bo‘ldi.

Prezidentimiz bayramga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.

Manba