Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, Islom Karimov vafot etgan 2-sentabr sanasi Xotira kuni sifatida belgilangan. Bu kunda jamoatchilik yig‘ilib, Birinchi Prezidentimizni yod etish ezgu an’anaga aylangan.
Davlatimiz rahbari bugun Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Qur’on tilovat qilindi.
O‘tganlarni yaxshiliklari bilan eslash - ezgu fazilat. Ajdodlar hurmatini joyiga qo‘ygan insonning o‘zi ham hurmatga loyiq.
Shavkat Mirziyoyev istiqlolimizning 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Islom Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida davlatimizni boshqarganini ta’kidladi.
Ushbu xotira tadbiri ham xalqimizning Birinchi Prezidentga hurmati ifodasidir.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etdi.
Islom Karimovning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yildi.