SMTIda Markaziy Osiyodagi Amerika Universiteti (AUCA) vitse-prezidenti Ch.Shamshiev (2011-2012 yillarda Qirgʻiziston Respublikasi strategik tadqiqotlar milliy instituti direktori lavozimini egallagan) bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Uchrashuvda AUCA vitse-prezidenti davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning qo’shni davlatlar bilan yaxshi va ishonchli aloqalarni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan siyosati Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ko'p jihatdan ijobiy ta'sir ko'rsatayotganini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, ekspert doiralari hozirgi kunda O'zbekistonda barcha sohalarda qilinayotgan islohotlarga alohida e'tibor berishadi.
Shu bilan birga, Sh.Shamshiyevning ta’kidlashicha, O'zbekiston Markaziy Osiyoda muhim davlat bo'lishi bilan birga, so'nggi yillarda nafaqat mamlakatning, balki butun mintaqaning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirishga muvaffaq bo'ldi.
Shuningdek, AUCA vitse-prezidenti O'zbekiston qirg'iz sayyohlari uchun tobora jozibador yo’nalishga aylanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi qadimiy shaharlarga Qirg'izistonlik sayyohlar oqimi oshib bormoqda.
Mehmon AUCA va SMTI o'rtasida yaqin aloqalarni o'rnatishga alohida qiziqish bildirdi. Shu asnoda Ch.Shamshiyev mintaqa mamlakatlari o'rtasida o'zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qo'shma tadbirlarni o'tkazish taklifi bilan chiqdi.