Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni neft-gaz xomashyosini qazib olish va mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni liberallashtirish va sanoatning yetakchi tarmoqlarini transformatsiya qilish bo‘yicha maqsadlar belgilangan. Jumladan, neft-gaz sohasida ham transformatsiya jarayonlari boshlangan.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari, avvalo, shu masalaga e’tibor qaratib, bu jarayonni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi. Xalqaro konsultantlarni jalb qilib, strategik yondashuvlarni belgilab olish, neft-gaz sohasida hisob-kitob mexanizmlari shaffofligini ta’minlash vazifalari qo‘yildi.
Korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish orqali xarajatlarni qisqartirish, boshqaruv tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Prezident tarmoq rahbarlariga aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini yoqilg‘i-energiya manbalari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Tabiiy gaz iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini to‘liq ishga tushirib, yo‘qotishlarni bartaraf etish choralari belgilandi. Resurslarni hozirdan tejash, muqobil energiyadan foydalanishni rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi.