Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishiga doir

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishiga doir


Dushanbe shahrida 29-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda rahbarligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 7-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining qatʼiy siyosiy irodasi va oqilona saʼy-harakatlari tufayli qisqa fursatda mamlakatlarimiz hamkorligi strategik sheriklik darajasiga chiqdi. 2018-yildagi oliy darajadagi oʻzaro tashriflar oʻzbek va tojik xalqlarini koʻp yillar davomida qiynab kelgan muammolar yechilishiga sabab boʻldi. Chegaralar ochilgani, havo, avtobus, temir yoʻl qatnovi tiklangani, viza tartibi bekor qilingani xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini mustahkamlamoqda.
Yigʻilishda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunlari yuzasidan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 7-yigʻilishi bayoni imzolandi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston – Tojikiston ishbilarmon doiralari biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining yigʻilishi oʻtkazildi. Oʻzaro muloqot davomida ikki mamlakat biznesmenlari manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarning hozirgi holati va hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbolini muhokama qildilar.
Yigʻilish doirasida umumiy qiymati 712 million dollardan ortiq qiymatga ega investitsiya va eksport-import shartnomalari imzolandi.
Tashrif doirasida “Artel Avesto Electronics” Oʻzbekiston – Tojikiston qoʻshma korxonasining ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon qabul qildi.

Manba