O‘zbekiston Prezidenti Afg‘oniston Prezidenti bilan uchrashdi

15-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasidagi hamkorlikning istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat yetakchilari afg‘on mojarosini harbiy yo‘l bilan hal qilishning imkoni yo‘qligini yana bir bor ta’kidlab, inklyuziv afg‘onlararo muzokaralar tez fursatda qayta tiklanishining tarafdori ekanliklarini qayd etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘onistonda barqaror tinchlikka erishilishiga faol ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Pandemiyaga qaramay, joriy yilning besh oyi yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 50 foizga ortdi. O‘zbekistonda Afg‘oniston sarmoyasi ishtirokida 160 ta yangi korxona tashkil etildi.

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash barobarida Afg‘onistonning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma transport va energetika infratuzilmasi loyihalarini barobarida Afg‘onistonning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma transport va energetika infratuzilmasi loyihalarini, xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo‘li va yangi “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihalarini  yanada ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.

Prezidentlar ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasida qat’iy ekanliklarini qayd etdilar.

Манба