O‘zbekiston Prezidenti BMT institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish masalalari bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha boshchiligidagi ushbu nufuzli global tuzilma delegatsiyasini qabul qildi.

Uzoq muddatli Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish borasida BMT institut va markazlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida yuqori darajali vakil Miroslav Yencha davlatimiz rahbariga tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. BMT tuzilmalari bundan buyon ham Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha ortga qaytmas islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimizning BMT bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqdi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Bosh assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash komissiyasi, YUNЕSKOning madaniy meros bo‘yicha qo‘mitasi va ko‘plab boshqa tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda.

Joriy yilning birgina ikkinchi yarmida mamlakatimizda BMT doirasidagi qator muhim xalqaro tadbirlar, shu jumladan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha FAO konferensiyasi hamda Jahon turizm tashkiloti bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda barqaror taraqqiyot sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va bu jarayonda BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Manba