O‘zbekiston Prezidenti va YETTB rahbari keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonimni qabul qildi.

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining faol ishtirokini davom ettirishga doir amaliy jihatlar muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va YETTB hamkorligida misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 3 milliard yevroga yetdi, unda xususiy sektorga investitsiyalar ulushi 50 foizgacha oshdi. 

Ushbu yetakchi moliyaviy institutning sarmoyalari hajmi bo‘yicha O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil mintaqada peshqadam bo‘lib turibdi. 

YETTBning Andijon va Urganch shaharlaridagi filiallari faoliyat yuritmoqda.

Prezident Odil Reno-Basso davlatimiz rahbarini Toshkent xalqaro investitsiya forumining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutlab, bank Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishish yo‘lida to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuvda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olindi. 

Davlat korxonalari va baknlarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, “yashil” taraqqiyot, energetika va transport sohalaridagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishga joriy qilish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligiga oid dasturlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekistonda YETTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.

Manba