O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari ittifoqchilik darajasiga ko‘tariladi

O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilarining muzokaralari yakunlari bo‘yicha mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni va ushbu mamlakat delegatsiyasi a’zolarini mehmondo‘st O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, Tojikiston bizning asrlar sinovidan o‘tgan yaqin qo‘shnimiz, sodiq do‘stimiz va ishonchli strategik sherigimiz ekanini yana bir bor ta’kidladi.

- O‘zbekiston xalqi birodar tojik xalqi bilan tarix, madaniy-ma’naviy meros va ajdodlarimizning ezgu an’analari mushtarakligiga asoslangan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qadrlaydi. Yorug‘ kunlarda ham, sinovli damlarda ham biz doimo yelkama-yelka turganmiz, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarda haqiqatdan katta marralarga erishishga, ularni juda yuqori darajaga ko‘tarishga muvaffaq bo‘linganini ta’kidladi.

- Aynan shu tufayli bugun chinakam tarixiy ahamiyatga ega qaror qabul qilindi. Biz Abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

- O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini Tojikistonda juda qadrlashadi. Joriy yil oktabr oyida Tojikiston va O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini nishonlaydilar. Ahamiyatlisi, biz uchun muhim bo‘lgan aynan shu yilda munosabatlarimizni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qildik, - dedi Emomali Rahmon.

Keyingi yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi qariyb 40 barobarga, joriy yil boshidan esa 35 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashrif arafasida Dushanbe shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, Toshkent shahrida esa biznes forum o‘tkazilib, ularning yakunida qiymati 1 milliard dollardan ziyod salmoqli hujjat va shartnomalar imzolandi, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. 
Shu yil 20 iyun kunidan boshlab Toshkent-Dushanbe yo‘nalishida yo‘lovchi poyezdining qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Tomonlar yangi tranzit yo‘laklarini shakllantirish va zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, havo, temir yo‘l transporti va avtobuslar qatnovini ko‘paytirish, birgalikda agroklasterlar va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishga kelishib oldilar.

Energetika va suvdan oqilona foydalanish borasida samarali hamkorlik uchun noyob imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Tojikiston Prezidentining Muzliklarni asrash xalqaro fondini tashkil etish va 2025 yilni Muzliklarni himoya qilish xalqaro yili deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Muzokaralarda parlamentlararo muloqot va xalq diplomatiyasini yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

- Birodar xalqlarimizni o‘zaro boyitish va yaqinlashtirishga, mamlakatlarimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan milliatlarimizning ko‘p sonli vakillari bizni birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Biz milliy madaniy markazlarning muvaffaqiyatli faoliyati uchun bundan buyon ham zarur sharoitlar yaratishga tayyor ekanimizni tasdiqladik, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Bundan tashqari, O‘zbekiston har yili Tojikiston fuqarolari uchun ajratiladigan ta’lim grantlari sonini ko‘paytirmoqchi.

Mamlakatlarimizda kino, madaniyat kunlari va turli festivallarni muntazam o‘tkazib borish davom ettiriladi. 

Ma’lumki, joriy yilda buyuk shoirlarimiz Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning yaqin do‘stligiga bag‘ishlangan qo‘shma filmni suratga olish boshlanadi. 

- O‘ylaymanki, film namoyishi davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligini keng nishonlash doirasida uzoq kutilgan voqea bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining alohida ahamiyatini, xalqaro tashkilot va tuzilmalar doirasida konstruktiv muloqot va o‘zaro ko‘makni davom ettirish zarurligini qayd etdilar.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning tarixiy tashrifi natijalari, hech shubhasiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro anglashuv va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Manba