O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni tongda Istanbul shahrida o‘tayotgan Turkiy kengash sammiti doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davlat rahbarlarining joriy yil mart oyida Toshkentda o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror sur’at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari ortmoqda, aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, logistika va boshqa tarmoqlarda, shu jumladan yangidan tashkil etilgan Qo‘shma investitsiya jamg‘armasi resurslarini jalb qilgan holda istiqbolli kooperatsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Madaniy almashinuvlar kengaymoqda, muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

“Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini jadal ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Manba