O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qozog‘iston Prezidenti mamlakatimiz yetakchisini tavallud kuni bilan muborakbod etib, birodar O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, eng avvalo, ularni yangi loyiha va dasturlar bilan boyitish muhim ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga, shu jumladan avgust oyining boshida Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining samarali natijalari yuksak baholandi, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.