O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbari va birodar O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdi.

Prezidentlar joriy yil 10-11-iyun kunlari Tojikistonga oliy darajali tashri yakunlari bo‘yicha qabul qilingan kelishuv va bitimlarning amalga oshirilishini ko‘rib chiqdilar.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik doirasidagi qo‘shma kooperatsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ekani ta’kidlandi.

Prezidentlar Afg‘onistonda harbiy-siyosiy keskinlik kuchayishi bilan bog‘liq mintaqaviy masalalarga alohida to‘xtaldilar. O‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish va yaqin idoralararo aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, yetakchilar joriy yilning sentyabr oyida Dushanbe shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar.

Manba