O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar. Ushbu muqaddas ayyomning barcha musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor qildilar.

Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qildilar. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoitda ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Xususan, turli darajalarda o‘zaro almashinuv va muloqotlar faollashdi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foizga ortdi, 164 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi, hududlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Samarqand shahrida Turkiya konsulligi o‘z ishini boshladi. Qo‘shma madaniy-gumanitar dasturlar, shu jumladan ta’lim, kinematografiya va sport sohalarida amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini qayd etdilar.

Shu maqsadda kelgusi oyda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda biznes-forum o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, transport, turizm, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning borishi ko‘rib chiqildi.

Telefon muloqoti chog‘ida yetakchilar xalqaro siyosat masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentlar Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi munosabati bilan chuqur xavotirda ekanliklarini bildirdilar. Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq normalariga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal etilishi lozimligi qayd etildi.  

Turkiy kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining muloqoti har doimgidek o‘zaro ishonch ruhida, ochiq va do‘stona o‘tdi.

Manba