Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanidagi “Beltov” ovul fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.
Bu yerda mingdan ortiq aholi yashaydi. Tuman markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan hududning ilgari sharoiti og‘ir edi. “Obod qishloq” dasturi asosida qurilish, ta’mirlash ishlari amalga oshirilgach, ovul qiyofasi o‘zgardi.
Fuqarolar yig‘ini idorasi, madaniyat markazi, shifokorlik punkti, maktabgacha ta’lim muassasasi kapital ta’mirlandi. Hammom qurildi. Yangi quvurlar tortilib, ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Ko‘chalarga qum-shag‘al aralashmasi va qora qoplama yotqizildi. “Orjap” kanalida piyodalar ko‘prigi qurildi, yo‘laklar, ariqlar tartibga keltirildi. 5 kilometr elektr tarmoqlari yangilanib, transformator o‘rnatildi.
Shavkat Mirziyoyev ovuldagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Aholi bilan muloqot qildi.
– Oxirgi yillarda Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibor berib, katta kuch va resurslarni jalb etganimiz o‘z natijasini berayapti. Odamlar yo‘limiz to‘g‘riligiga ishondi. Endi yangi marralar qo‘yganmiz. Hamma katta tashkilotlar, hokimliklar jamoasi bilan kelib, aniq loyihalar ishlab chiqayapti. Maqsadimiz - odamlarni rozi qilish, tumanlarni kompleks rivojlantirish. Taxtako‘pirning ham mavqeini tiklaymiz, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari ayollar turmushini yaxshilash masalasiga alohida to‘xtaldi.
- Yurtimizda ayollar ko‘z yosh to‘kmaydigan jamiyat qurishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taxtako‘pir tumaniga tayinlangan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot bo‘ldi. Ular mahallalardagi muammolarni hal etish, bandlikni ta’minlash borasidagi takliflarini bildirdi.
Prezidentimiz shu yerda jurnalistlar bilan ham suhbatlashdi.