Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Ichan qal’adagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
Ma’lumki, Ichan qal’a faqat yodgorlik emas, balki «tirik» shahardir. Bu yerda 120 dan ziyod me’moriy obidalar bor va hozirgacha qadimiy uylarda aholi yashaydi. Uning «ochiq osmon ostidagi muzey» deb atalishi shundan.
Xiva shahri 1990-yil 12-dekabrda YUNЕSKO Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. 1997-yilda shaharning 2500 yillik yubileyi nishonlangan. 2020-yilda Turksoy xalqaro tashkiloti tomonidan Turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e’lon qilingan.
Davlat rahbarlari Ota darvozadan kirib, Ko‘k minora, Ko‘hna ark saroyi, Toshhovlini tomosha qildi. Pahlavon Mahmud maqbarasi va Juma masjidida Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
Xorazmning tarixi, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar, boy madaniyati va san’ati mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.
Shu bilan Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi yakunlandi.