Mamlakatimizda «inson qadri uchun» degan tamoyil asosida kuchli ijtimoiy siyosat olib borilmoqda. Shu asosida ta’lim va tibbiy xizmat sifatini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Olmaliq shahridagi 20-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi shunday maskanlardan biri. Bu yerda matematika, ona tili, ingliz tili chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Muassasa uch qavatli bo‘lib, 1 ming 500 nafardan ziyod o‘quvchiga mo‘ljallangan. Joriy yilda maktab binosi mukammal ta’mirlangan. 46 ta sinfxona, 3 ta laboratoriya va fan xonalari zamonaviy jihozlangan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashdi.
- Har daqiqa - boylik. Bu boylikdan foydalanib, chuqur bilim olishingiz kerak. Mana, Olmaliq kombinatining quvvatini oshirayapmiz, yangi fabrikalar qurayapmiz. Ularda kim ishlaydi? Sizlar! Hamma islohotlarimizning asosi, ishonchi - bilimli yoshlar, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Olmaliq shahridagi oilaviy poliklinikani ham borib ko‘rdi.
Mazkur poliklinika 1989-yilda qurilgan bo‘lib, 2017-yilda kapital ta’mirlangan. Bu yerda Olmaliq shahar tez tibbiy yordam bo‘limi, markaziy shifoxona, bolalar shifoxonasi, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika ham joylashgan. Bu tibbiy xizmatlarni sifatli va samarali ko‘rsatishda muhim omil bo‘lmoqda.
Prezident talab ko‘p bo‘layotgan yo‘nalishlarni tumanlararo darajaga tushirib, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, ehtiyojmand fuqarolar sog‘lig‘ini doimiy nazoratga olib, inson qadrini amalda namoyon qilish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda Toshkent viloyatida tibbiyot bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Shu yerda Olmaliq shahrida quriladigan “Yangi O‘zbekiston” mavzesi haqida ma’lumot berildi. Yaqin yillarda shahar aholisi 130 mingdan 200 mingga yetishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ular uchun munosib sharoitlar yaratishni hozirdan o‘ylash, uy-joy, ijtimoiy infratuzilma barpo etish kerakligini ta’kidlab, mutasaddilarga bu bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.