Rasmiy tashrif bilan Qohirada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyiga tashrif buyurdi.
Hozirda Qohiraning tarkibiga kirgan qadimiy Fustat shahrida joylashgan muzey Misrning boy tarixidan hikoya qiluvchi noyob eksponatlar to‘plamiga ega. Bu yerda qadim zamonlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan 50 mingdan ortiq ashyolar, jumladan, fir’avnlar mo`miyоlari, hukmdorlar taxtlari va haykallari, zargarlik buyumlari, shuningdek, uy-ro‘zg‘or va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari ekspozitsiyaning Qadimgi, O‘rta va Yangi hukmdorlik, yunon, O‘rta asr va islom davrlariga oid qator xronologik va tematik bo‘limlari bilan tanishdi.
Prezident Misr zaminida bir-birini almashlab kelgan turli sivilizatsiyalarning yodgorliklarini katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirar ekan, tarix va madaniyat birdek buyuk merosga ega xalqlarimizni yaqinlashtirishning muhim vositasi ekanini ta’kidladi.
Misr tomoni vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekiston rahbariga muzeyga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni bog‘lab turuvchi mushtarak jihatlar ko‘pligi, bu do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
Shu ma’noda, ikki mamlakat muzeylari va tarixchilari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, umumiy merosimizni birgalikda o‘rganish, o‘zaro ko‘rgazmalar, madaniyat kunlarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz muzeyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi.