
Joriy yilning 25-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Yevropa va xalqaro hamkorlik bosh boshqarmasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha departamenti rahbari Kristian Exle bilan uchrashdi.
Uchrashuvda K.Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi rahbari Andre Algermissen va ushbu jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha loyihalari koordinatori Ashraf Aliqulov ham ishtirok etdi.
Germaniya tomoniga joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mehmonlar mintaqa mamlakatlarining yuqori darajadagi jipslashuvi va O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formatidagi raisligi samarali kechayotganini alohida ta’kidladilar. Xususan, Toshkentning mintaqaviy hamkorlik me’morchiligini yanada institutsional mustahkamlash bo‘yicha takliflarining ahamiyati alohida ta’kidlandi, shuningdek, Germaniya tomonining ularni amalga oshirishni, shu jumladan qo‘shma loyihalar va ekspert almashinuvlari orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Bundan tashqari, SMTI va K.Adenauer jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish rejalari belgilab olindi.
