
2025-yil 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkilotining (JETRO) Tokiodagi vakolatxonasi vakili Makoto Onozuka bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar qayta tiklanadigan energetika va "yashil" iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar va hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllari bo‘yicha fikr almashdilar.
O‘zbekiston energetika balansini diversifikatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha islohotlarni davom ettirayotgani, bu esa mamlakatni yuqori texnologiyali hamkorlar, jumladan, Yaponiya kompaniyalari uchun jozibador qilayotgani ta’kidlandi. Xususan, Makoto Onozuka O‘zbekiston bozori istiqbolli ekani va JETRO Yaponiya biznesini energetika loyihalariga jalb qilishga qiziqish bildirayotganini ta’kidladi.

Gidro va shamol energetikasi, energetika tizimlarini raqamlashtirish, biogaz texnologiyalari va "yashil" vodorod ishlab chiqarish borasidagi yapon innovatsiyalari hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi. Ularni joriy etish O‘zbekiston energetika tizimining barqarorligini mustahkamlashi va "yashil" iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirishga yordam berishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston energetika sektorini texnologik yangilash maqsadida hamkorlikning kelajakdagi shakllarini rivojlantirishga qaratilgan ekspertlar muloqotini davom ettirish niyatini tasdiqladilar.
JETRO - Yaponiyaning tashqi savdoni rivojlantirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bilan shug‘ullanadigan davlat tashkiloti. Tashkilot 55 mamlakatda 76 ta vakolatxona tarmog‘iga ega.
