Turkiy kengashga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash sohasi ekspertlarining videoanjuman shaklidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Sog‘liqni saqlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi faoliyati doirasida bugun tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining ekspertlar darajasidagi navbatdagi videoanjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Dunyoda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Xalqaro hamjamiyat unga qarshi samarali kurash choralarini qo‘llashda uyg‘un va milliy harakatlarni amalga oshirish, ilg‘or tajribani ommalashtirishga alohida e’tibor qaratyapti. Bu kabi intilishlar haqida so‘z borganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari video-sammitida tajriba almashinuvlarni keng yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkilotga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining videokonferensiya shaklidagi muloqotlarini o‘tkazishni taklif qilgan edi.

Taklif doirasida 28 aprel kuni ana shunday ilk yig‘ilishning o‘tkazilishi xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, diagnostika, davolash, epidemiologik holatni o‘rganish bo‘yicha ma’lumot va ilg‘or tajriba almashishga imkon bergan edi.

Bugungi muloqot ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Vengriya sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligining “International Health Services Inc.” kompaniyasi Bosh direktori Mehmet Ali Kilikaya kompaniya va uning xizmatlari haqida keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilish mexanizmi bo‘yicha savol-javoblar tashkil qilindi.

Videomuloqotda yuqumli kasalliklarni davolash va oldini olishning ilg‘or usullari, kelgusida hamkorlik va muvofiqlashtirish ishlarini kuchaytirish choralari muhokama qilindi.

Tashkilotga a’zo davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasidagi investitsiya ehtiyojlari o‘rganildi, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlarni sotib olish va shifoxonalarni boshqarish yuzasidan ishtirokchi tomonlar fikrlari tinglandi.

Tadbir yakunida taqdim etilgan takliflar asosida muvofiqlashgan harakatlarni ishlab chiqishning amaliy jihatlari belgilab olindi.

Manba