Surishtiruv va tergov organlarining kadrlar salohiyatini oshirish choralari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni surishtiruv va tergov organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Tegishli idoralar mutasaddilari tergov va dastlabki surishtiruvlarni olib borishdagi muammoli omillar, yangi paydo bo‘layotgan tahdid va jinoyat turlarini hisobga olgan holda tergovchi kadrlarning salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Xususan, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar, iqtisodiy jinoyatchilik hamda kibermakonda yoki axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha faoliyatning metodik ta’minotini takomillashtirish muhimligi alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari zamon talablari va xalqaro standartlar asosida surishtiruv hamda tergov idoralari uchun professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini uzluksiz oshirib borishning yangi samarali tizimini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Manba