1955 yilda tashkil etilgan nemis nashriyoti «OWC Verlag für Außenwirtschaft» 2019 yilning 7 mayida xuddi shu sarlavha ostida maqola chop etdi. Ushbu maqolada O'zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish holati tahlil qilinadi.
Quyida maqolaning nemis tilidan o’zbek tiliga tarjima qilingan asosiy qismlari havola etilmoqda.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2019-yilning birinchi choragida O'zbekistonga to'g'ridan to'g'ri jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan taxminan 90 foiz ko'pdir.
Ayniqsa, O'zbekiston janubi-sharqida joylashgan Qashqadaryo viloyatida investitsiyalar hajmining keskin o'sishi qayd etildi. Sintetik yoqilg'i ishlab chiqarish zavodining qurilishiga, shuningdek neft va gaz konlarini qazish bo'yicha ishlariga 500 million AQSh dollari jalb qilindi. «Xorijiy kompaniyalar O'zbekiston iqtisodiyotining turli sohalariga sarmoya kiritishda tobora ko'proq qiziqish bildirmoqda», - deb ta’kidlaydi O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Shuhrat Vafayev o’z rasmiy bayonotida.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilning 14-dekabridagi qasamyod marosimi O'zbekiston iqtisodiyotining har tomonlama ochilishi va liberallashtirilishining boshlanishi bo'ldi. Yaqin yillarda iqtisodiyotning o'rtacha 5,5 foizga o'sishi kutilmoqda. Jahon bankining «Biznes yuritish qulayligi» deb nomlangan hisobotiga ko'ra, mamlakatimiz - islohotlarga eng ko'p moyil bo'lgan o'nta mamlakatlar biridir.