Joriy yil 29 oktyabrda SMTIda parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va tahlili instituti (IDSA) bosh direktori Sujan Chinoy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Konstruktiv muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ekspert muloqotini har tomonlama mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Sujan Chinoy parlament saylovlarining tashkil etilish darajasini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy ovoz berish O‘zbekistonda demokratiya va modernizatsiya jarayonlari oldinga siljishining yaqqol belgisi bo‘ldi. "So‘nggi yillarda bunday ijobiy tendensiyalar respublika uchun odatiy holga aylanib bormoqda," - dedi IDSA direktori.
Hindiston instituti direktori O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari haqida so‘z yuritar ekan, ikki tomonlama aloqalar ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tendensiya oliy va yuqori darajadagi ishonchli muloqot, savdo-iqtisodiy va ilmiy-innovatsion sheriklikni mustahkamlashda o‘z ifodasini topmoqda.
Shu bilan birga, mehmon hamkorlikning hali foydalanilmayotgan ulkan salohiyatini yuzaga chiqarish uchun O‘zbekiston-Hindiston ekspert muloqotini izchil kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, ekspertlar hamjamiyati o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi yo‘nalishlarini aniqlashda ko‘proq tashabbuskorlik namoyon etishi lozim.
IDSA 1965-yilda tashkil etilgan Hindistonning yetakchi tahliliy markazi bo‘lib, Nyu-Dehli shahrida joylashgan. Institut xalqaro munosabatlar, ayniqsa, mudofaa, strategiya va xavfsizlik sohalarida ilg‘or tadqiqotlar olib boradi.