25-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI)da Institut direktori Eldor Aripov Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy partiya maktabi (XKP MPM) vitse-prezidenti Li I boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ochiq va konstruktiv fikr almashildi. Uchrashuv ishtirokchilari ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Li I muzokaralar davomida XKP MPM tarixi, faoliyati va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Maktab 1933-yilda tashkil etilgan va Xitoy Kommunistik partiyasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi. O‘zining qariyb bir asrlik tarixi davomida u Mao Szedun, Xua Gofen, Xu Szintao va Si Szinpin kabi iste’dodli rahbarlarni tayyorlab beruvchi maskanga aylangan. Si Szinpin 2007-2013-yillarda maktabga rahbarlik qilgani, davlat rahbari sifatida ham bu yerda bir necha bor ma’ruzalar o‘qigani alohida qayd etildi.
XKP MPM dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarining hukumat organlari, tadqiqot markazlari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa tuzilmalari bilan faol hamkorlik qiladi. Muntazam ravishda barcha darajadagi XKP rahbarlari uchun seminarlar o‘tkazadi va partiya qo‘mitalari uchun malaka oshirish dasturlarini amalga oshiradi.
Uchrashuv yakunida suhbatdoshlar tizimli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu munosabat bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga, jumladan, qo‘shma tadbirlar, ilmiy tadqiqotlar va nashrlarni tashkil etishga o‘tish imkonini beradigan Anglashuv memorandumini imzolash muhimligi qayd etildi.