Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida kelgusida 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilishini aytgan edi.
Shu yil 2-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu dasturning amaliy jihatlari muhokama qilindi. O‘tgan bir oyda yangi massivlar uchun shahar yoki tuman markaziga yaqin, infratuzilmaga ega joylar tanlanib, dastlabki loyihalar shakllantirildi.
Mazkur loyihalar 30-noyabr kuni davlat rahbari huzurida taqdimot qilindi.
Rejaga ko‘ra, kelgusi yilda 22 ta yangi massiv barpo etiladi. Quruvchi tashkilotlarga yengillik berish maqsadida faqatgina ko‘p qavatli uy-joy maydonining o‘zi auksion orqali sotiladi. Tutash maydonlar esa, qurilish bitganidan keyin, uy-joy mulkdorlariga umumiy foydalanishga beriladi. Tadbirkorlik uchun yer uchastkalari elektron onlayn auksion orqali ajratiladi.
Davlatimiz rahbari mazkur yangi mavzelarda ko‘plab maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalari qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Kichik sanoat zonasi, tadbirkorlik ob’ektlari tashkil etish orqali kamida 50 mingta ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Hudud rahbarlari qurilishni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.