Dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat haqida

Soʻnggi ikki kun ichida dunyoda Sars-CoV-2 infeksiyasining tarqalishi tezlashdi va kunlik yangi kasallanish holatlar soni yana 270 mingga qaytdi. Bu koʻrsatkich davolanganlar sonidan deyarli 20 ming koʻpdir. Soʻnggi 4 kun ichida dunyoda kasallikka chalinganlar soni jami 1 millionga oshdi va 19 millionga yetdi.

Shu bilan birga, davolangan odamlar ulushi kasallanganlarning umumiy sonidan asta-sekin koʻpayishda davom etmoqda. Ushbu koʻrsatkich 64 foizga yetib, oʻtgan haftaga nisbatan 2 foizga oshdi.

Markaziy Osiyoda kasallanish ulushi butun dunyoda aniqlangan holatlar statistikasining haliyam 1,09 foizini tashkil qilmoqda. Tuzalganlar koʻrsatkichi nisbati 1,2, oʻlim holati nisbati esa 0,6 foizga teng.

Statistika

“Worldometers” maʼlumotiga koʻra, 6-avgust soat 17:00 holatiga dunyoda kasallanganlarning umumiy soni 19 million 5,4 ming kishini tashkil etdi, 711,8 ming odam vafot etgan.

Kasallanish holati eng koʻp qayd etilgan davlatlar: AQSH - 4 million 973,5 ming, Braziliya - 2 million 862,7 ming, Hindiston - 1 million 963,2 ming kishi.

Oʻlim holati: AQSH - 161 601, Braziliya – 97 418, Meksika – 49,698, Buyuk Britaniya - 46 364, Hindiston - 40 739.

COVID-19dan davolanganlarning umumiy soni 12 192 503(+251 150) kishiga yetdi, bu umumiy miqdorning 64,1 foiziga teng.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Qozogʻistonda bemorlarning umumiy soni 95,942 nafar, 68 831 kishi sogʻaygan, 1058 fuqaro vafot etgan.

Liter.kz” xabar berishicha, Qozogʻiston Xavfsizlik kengashi koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va oqilona ishlatilishi boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalari, shuningdek, dori-darmonlar, himoya vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyish va moliyaviy piramidalar faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotni eʼlon qildi.

Xabar qilinishicha, tekshiruvlar natijasida 9,6 milliondan ortiq tibbiy niqob, 65 ming litr antiseptik vosita, 388,2 mingdan ortiq turli xil dorilar noqonuniy muomaladan chiqarilib, mahsulotlar hududiy sogʻliqni saqlash organlariga topshirilgan. Shuningdek, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurash doirasida soxta schyot-faktura berish holatlari boʻyicha aniqlangan jinoyatlar soni 2,5 barobar koʻpaygani qayd etildi.

Qirgʻizistonda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 38 659 ga yetdi, 30 099 kishi tuzaldi, 1 447 nafar fuqaro vafot etdi.

Bosh vazir K.Boronov Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyatini rentgen apparatlarini sotib olish masalasi yetarlicha oʻrganilmagani uchun tanqid qildi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, Respublika tezkor shtabining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Issiqkoʻl va Norin viloyatlaridagi sogʻliqni saqlash muassasalari va tashkilotlarida tibbiy uskuna, dori-darmon va shaxsiy himoya vositalari mavjudligi va ularga ehtiyojni monitoring qilish toʻgʻrisida maʼlumot tinglandi. Ixtisoslashgan davlat idoralari va mahalliy hokimiyat organlariga, jumladan, sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻinlari mutaxassislarining malakasini oshirish, tibbiy muassasalarda infeksiyani nazorat qilishni kuchaytirish hamda uyma-uy yurishni tashkil etish boʻyicha bir qator koʻrsatmalar berildi.

Tojikistonda kasallanganlarning umumiy soni – 7 625, 6 399 kishi sogʻaydi, 61fuqaro vafot etgan.

Dunyodagi soʻnggi tendensiyalar.

UYEFA ushbu haftada Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi tiklanishini hisobga olib, klublarni pandemiya sharoitida oʻyinlarni tashkil qilish uchun ilgari tasdiqlangan protokollarni buzilishiga yoʻq qoʻymaslik lozimligi haqida ogohlantirdi. “BBC Sport” xabariga koʻra, qoidabuzarlik boʻlgan taqdirda xalqaro oʻyinlar oʻtkaziladigan joylar qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Tashkilot ilgari ikkita turnirda ishtirok etayotganlarning xavfsizligi uchun bir nechta bayonotnomalarni taqdim etgan. Ular niqob taqish, oʻyinchilarni testdan oʻtkazish va sayohat uchun charter reyslaridan foydalanish qoidalariga bagʻishlangan boʻlib, ularni buzish jiddiy jarimaga qoʻllanilishiga olib keladi. Shu hafta ikkala turnir ham qayta boshlandi.

Frans-Press (AFP) agentligi San-Paulu universiteti olimi D.Alves bilan suhbatlashdi. Koronavirusning tarqalish tezligi va braziliyaliklar orasida oʻlim darajasi yuqori ekanligini hisobga olib, u 15 yoki 16-oktyabrga kelib Braziliyada oʻlim soni ikki barobar oshib, 200 000 ga yetishini taxmin qildi. Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, mamlakatda kasallanish darajasi pandemiyaning asosiy zarbasini oʻziga olgan chekka shtatlarda oʻsib bormoqda. Ammo epidemiologik vaziyat yaqin vaqtgacha xavfsiz deb hisoblangan shtatlarda ham yomonlashmoqda. Bular Braziliyaning janubiy va gʻarbiy-markaziy mintaqalari.

Shu bilan birga, D. Alves tasdiqlangan holatlar soni hali ham haqiqiy statistikadan ancha past ekanini taʼkidladi. Uning hisob-kitoblariga koʻra, raqamlar haqiqiy koʻrsatkichdan olti-yetti barobar kam, pandemiyaning boshida esa 16 barobar kam koʻrsatilgan. Koronavirus boʻyicha testlar oʻtkazishni kengaytirish tufayli statistika yaxshilandi.

Vaksina va dori ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar, tadqiqotlar

Amerikaning “Johnson&Johnson” kompaniyasi AQSH hukumati bilan COVID-19 ga qarshi vaksinaning 100 million dozasini yetkazib berish boʻyicha 1 milliard dollarlik bitim tuzdi. Bu haqda kompaniya saytida xabar beriladi.

Taʼkidlanishicha, AQSH Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligining (BARDA) Istiqbolli biotibbiyot tadqiqotlari va ishlanmalari boshqarmasi mamlakat Mudofaa vazirligi bilan birgalikda ushbu bitimni amalga oshirish uchun ushbu mablagʻni ajratadi. Avvalroq, “Johnson&Johnson” vaksinaning birinchi partiyasi 2021-yil boshida tayyor boʻlishini kutayotgani haqida xabar bergan edi. Kompaniya bosh direktori P. Stoffelsning aytishicha, birinchi partiya butun dunyo boʻylab tibbiyot xodimlarini emlash yetishi kerak. Pirovardida, kompaniya 1 milliarddan ortiq doza ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Islandiyaning “Decode Genetics” tadqiqot kompaniyasi koronavirusdan tuzalganlarda COVID-19 ga qarshi antitanachalar shakllanishini oʻrganib chiqdi. Kompaniya mutaxassislari qariyalarda antinachalar yoshlarga qaraganda koʻproq, oʻz oʻrnida, erkaklarda ayollarga qaraganda koʻproq ekanligini aniqladi. Tadqiqot tafsilotlari “Sputnik International” da koʻrsatilgan.

Tadqiqotda 30 ming Islandiya fuqarosi ishtirok etib, ulardan PSR testi namunalari olingan. Ularning qariyb 1 foizi koronavirusga qarshi antitanachalar ishlab chiqqan.

Shuning uchun “Decode Genetics” ekspertlari tuzalgandan soʻng antitanachalar ulushi tez fursatda kamayishining hech qanday belgilari yoʻq, deb taʼkidlamoqda. COVID-19 qarshi antitanachalar shakllangan odamlarda uzoq vaqt davomida virusdan himoya boʻladi. Taʼkidlanishicha, shu tariqa, Britaniya, Germaniya va Xitoy olimlarining insonda sogʻaygandan 2-3 oy oʻtgach antitanachalar yoʻq boʻlib ketishi haqida ilgari surilgan fikrlari amalda tasdiqlanmasligi ehtimoli yuqori.

COVID-19 ning salbiy oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari

Turkiyada epidemiyaga qarshi qoidalarga amal qilish boʻyicha keng qamrovli tekshiruv oʻtkazilmoqda. “RIA Novosti” xabar berishicha, IVV tomonidan bozorlar, doʻkonlar, savdo markazlari, restoran va transport tekshiriladi. Turkiya ichki ishlar vaziri S.Soylu soʻzlariga koʻra, ushbu jarayonda turli darajadagi mansabdor shaxslar, shu jumladan, provinsiyalar gubernatorlari va shahar merlari ishtirok etadi. Soʻnggi uch kun ichida respublikada yangi kasallanish holatlari koʻpayishi kuzatilmoqda.

6-avgust kuni ertalab mahalliy OAV virus mamlakatdagi kurortlarda avj olishi mumkinligi haqida xabar berdi. Ammo Turkiya Sogʻliqni saqlash vazirligi bu xabarlarni rad etdi. Ayni paytda mahalliy “NTV” telekanali Turkiya parlamenti spikeri M.Shentopga tayanib, mamlakat parlamentining 9 nafar deputati koronavirus bilan kasallangani haqida xabar berdi. Shunindek, parlamentning 35 nafar aʼzosi ushbu kasallikdan davolanmoqda.

«Eureporter.co» xabariga koʻra, Shotlandiyaning Aberdin shahrida COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida pablar va restoranlar yopilmoqda. Mahalliy hokimiyat maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 24 soat ichida shaharda 54 ta kasallanish holati aniqlangan, mamlakatda jami holatlar - 64. Hukumat shahar aholisiga ishlash yoki oʻqish uchun zarurat boʻlmagan taqdirda sayohat qilishdan oʻzini tiyishni tavsiya qildi. Qoʻshnilar va qarindoshlarnikiga tashrif buyurish qatʼiyan man etiladi.

“Tagesschau” portali xabar berishicha, Germaniyadagi federal oʻlkalar niqob taqish talablariga rioya qilmaganlik uchun jarima miqdorini oshirishni rejalashtirmoqda. Masalan, Quyi Saksoniya, Shlezvig-Golshteyn, Reyn-Vestfaliya jarima miqdorini 20 yevrodan 150 yevrogacha oshirishni rejalashtirmoqda. Yaqin kelajakda bu kabi qoidalarni buzganlik uchun jiddiyroq sanksiyalarni nazarda tutadigan yangi miqdordagi jarimalar taqdim etiladi.

Mamlakat miqyosida chakana savdo doʻkonlari va jamoat transportida niqob taqish majburiy hisoblanadi, biroq baʼzi federal oʻlkalarda maxsus qoidalar va jarimalar amal qiladi. Masalan, Bavariyada jarimalar roʻyxatida niqob taqish talabini buzganlik uchun jarima miqdori 150 yevro deb koʻrsatilgan. Berlinda esa jarima miqdori 50 yevrodan 500 yevrogacha boʻlishi mumkin.