Dunyoda koronavirus tarqalishiga doir vaziyat qanday?

Jahondagi sanitar-epidemiologik vaziyat tashvishligicha qolmoqda. Jami kasallanganlar soni 20 mln nafardan oshdi, oldingidek AQSH, Braziliya va Hindiston kasallik oʻchogʻi boʻlgan mamlakatlar hisoblanadi.

Shimoliy Amerikada 6,1 mln. dan ortiq kasallik holatlari qayd etilgan (umumiy kasallanganlar sonining 30,5% ). Osiyoda ushbu koʻrsatgich 5,1 mln.(25,1%), Janubiy Amerikada –4,75 mln. (23,4%), Yevropada – 3,04 mln. (15%)ni tashkil etadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari (Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston)da 213,7 ming nafar bemor qayd etilgan, yaʼni jami kasallik holatlarining 1,0 6% foizi ushbu davlatlarga toʻgʻri keladi.

Statistika

“Worldometers” maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 10-avgustida dunyo miqyosida kasallanganlar soni 20 mln. 23,5 ming kishini tashkil etadi, ularning 734 ming nafari vafot etgan.

Kasallik eng koʻp tarqalgan mamlakatlar: AQSH– 5 mln. 199,4 ming nafar, Braziliya – 3 mln. 35,5 ming nafar va Hindiston – 2 mln. 214,1 ming nafar.

Joriy yil 10-avgustda COVID-19 kasalligidan tuzalganlar soni 12 897 984 nafar kishiga yetdi. (+177 759) – jami bemorlarning 64,4 foizi.

MDH mamlakatlari

Rossiyada jami kasallanganlar soni 887 536 nafarga yetdi, 693 422 nafar bemor sogʻaydi, 14 931 nafar bemor vafot etgan.

Belarusda kasallanganlar soni – 68 850, sogʻayganlar 64 935 nafarni tashkil etadi, 587 nafar kishi vafot etgan.

Markaziy Osiyodagi holat

Qozogʻistonda jami kasallanganlar 98 701 nafar, sogʻayganlar 72 273 nafarga yetgan, 1 058 nafar bemor vafot etgan.

Qozogʻistonda 1-avgustdan buyon 13 ming nafar bemorda COVID-19 belgisi bor zotiljam kasalligi qayd etilgan. “Liter.kz” maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi bir kecha kunduzda 1011 ta shunday holat qayd etilgan. Sogʻliqni saqlash vaziri A.Soyning 2-avgustdagi bayonotiga qaramay, vazirlik koronavirus va zotiljam statistikasini toʻla birlashtirish muddatini orqaga surmoqda. Ilgari buni 2020-yil 5-avgustda tayyor qilishga vaʼda berishgan boʻlsa, endilikda 2-3 haftadan soʻng deyishmoqda.

Qirgʻizistonda jami kasallanganlar soni 39 919 nafar, sogʻayganlar – 31 822 nafarni tashkil etdi, 1 468 nafar bemor vafot etdi.

Soʻnggi bir kecha kunduzda tibbiyot xodimlari orasida 10 nafari koronavirusni yuqtirib olgan. Bu haqda respublika shtabi bugun ertalab xabar berdi. Maʼlumotlarga koʻra, ularning 3 nafari Bishkekda, ikki nafari Oʻsh va Batken viloyatlaridagi tibbiyot xodimlaridir. Ayni damda statsionar shifoxonalardan olti nafar shifokorga javob berilgan. Bundan tashqari, yana 38 nafar tibbiyot xodimi uy sharoitida oʻzini- oʻzi yakkalashdan ozod etilgan. Shu vaqtgacha jami 2 ming 948 nafar tibbiyot xodimida koronavirus aniqlangan. Ularning 2 ming 141 nafari sogʻaygan.

Tojikistonda – 39 ta yangi holat qayd etilgan, jami bemorlar soni – 7 745, sogʻayganlar 6 573 nafarni tashkil etadi, 62 nafar bemor vafot etgan.

Turkmanistonda bironta ham koronavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.

Ilgari xabar qilinganidek, 5-avgustdan boshlab Turkmaniston hududiga parvoz qilgan yoʻlovchilardan COVID-19 kasalligi yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani majburiy taqdim etish talabi qoʻyilgan edi. “Arzuwnews” maʼlumotlariga koʻra, 10-avgustdan boshlab bunday maʼlumotnomaning amal qilish muddati ikki haftadan uch haftagachani tashkil etadi. Nashrning maʼlum qilishicha, bunday maʼlumotnoma fuqaroning yashash joyidagi oilaviy poliklinikadan olinishi mumkin. Talabalar Ashxaboddagi maxsus Talabalar sogʻlomlashtirish markaziga murojaat qilishlari kerak. Maʼlumotnoma olish uchun umumiy qon tahlili topshirish va oʻpka flyuorografiyasi kerak boʻladi.

Dunyodagi soʻnggi tendensiyalar

Rossiyalik olimlar Xitoyda tarqalgan yangi virusni COVID-19 bilan tenglashtirdilar. “RBK”nashrining xabar berishicha, Iqtisodiyot oliy maktabi sogʻliqni saqlash instituti direktori L.Popovichning maʼlum qilishicha, Xitoyda tarqalgan yangi SFTS virusi havo orqali tarqalmasligi bois, u qadar xavfli emas. Xitoyda bundan tashqari, koʻplab boshqa viruslar ham mavjud. Dunyoda ikki mingdan ziyod viruslar qayd etilgan. Ularning aksariyati – inson hayoti uchun xavfli. Biroq insondan insonga yuqadigan viruslar koʻp emas.

Novosibirsk davlat tibbiyot universitetining davolash fakulteti ichki kasalliklar kafedrasi dotsenti V.Mitroxin ham shu fikrga qoʻshiladi. Uning fikricha, yangi SFTS virusi koronavirus va grippga nisbatan u qadar xavfli emas.

Sogʻliqni saqlash boʻyicha yevrokomissar S.Kiriakides Germaniyaning “Handelsblatt” gazetasiga bergan intervyusida koronavirusga qarshi vaksina yaratish bilan bogʻliq fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Uning fikricha, Yevrokomissiya koronavirusga qarshi vaksina joriy yilning oxiri va keyingi yilning boshlarida paydo boʻladi, deyish uchun asoslarga ega. Ayni damda, S.Kiriakidesning qayd etishicha, vaksina barcha muammolarni hal qilmaydi, biroq “asta-sekin normal hayotga qaytish”ga yordam beradi. Uning fikricha, koronavirus inqirozni yengib oʻtishda vaqt omili muhim hal qiluvchi rol oʻynaydi. Kiriakides shuningdek, yevroittifoq mamlakatlarida kasallar sonining ortayotganidan xavotirlanayotganini bildirdi va hamjamiyatga aʼzo davlatlarni infeksiya tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barcha choralarni koʻrishlikka chaqirdi.

AQSH moliya vaziri Mnuchin yakshanba kuni “FoxNews” telekanalida federal hukumat shtatlar hokimiyatlariga pandemiya oqibatlarini yengishda bundan keyin ham mablagʻ berishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Biroq talab etilgan 1 trln.dollarni juda koʻp deb hisobladi. Uning qayd etishicha, aksariyat gubernatorlar taqdim etilgan mablagʻlarning yarmini ham saqlashmagan. Ularda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha soʻnggi taqdim etilgan paketdan hali 150 mlrd. dollar qolgan.

8-avgust kuni prezident D.Tramp mamlakat aholisi uchun pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan toʻrtta farmonga imzo chekdi. Birinchi farmonda oylikdan olinadigan soliqni toʻxtatish, ikkinchi farmonda ishsizlik boʻyicha toʻlanadigan nafaqalar miqdorini oshirish koʻzda tutilgan.

COVID-19 ga qarshi vaksina va preparatlarni ishlab chiqish chora-tadbirlari, olimlarning tadqiqotlari.

Turkiya prezidentining maʼlum qilishicha, Turkiyada koronavirusga qarshi ishlab chiqarilgan vaksinalardan biri insonlarda sinovdan oʻtkazish uchun ruxsatnoma olgan. Ikkita vaksina hayvonlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan, deb xabar beradi “Anadolu”.

Mamlakat rahbarining soʻzlariga koʻra, Turkiya ham AQSH va Xitoy singari koronavirusga qarshi oʻz vaksinasini yaratayotgan uchtalik davlatlar sirasiga kiradi. Ilgari mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri F.Koja Turkiya vaksina yaratish borasida Rossiya va XXR bilan muloqot olib borayotgani haqida maʼlum qilgan edi.

Illinoys universiteti olimlari tibbiy niqoblarni qayta ishlatishning yangi usulini oʻrgandi. Ular niqoblar elektr maishiy multivarkalarda 50 daqiqa davomida selsi boʻyicha 100 gradus qayta ishlov berilsa, toʻrt turdagi viruslar, jumladan koronavirusni ham oʻldiradi.

Bu boradagi batafsil maʼlumotlar “Environmental Scienceand Technology Letters” jurnalida nashr etildi. Amerikalik olimlarning qayd etishicha, stirillashning bu usuli sanitar qayta ishlashning eng asosiy talabi: viruslardan tozalash, filtrlash va insonning nafas yoʻllariga yetarli darajada havoning tushishi kabi mezonlarga javob beradi.

Bu usul uy sharoitida bemorlarga qarayotgan ijtimoiy xodimlar hamda kichik tibbiyot va sanatoriya muassasasi tibbiyot xodimlariga tavsiya qilinadi.

COVID-19 oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari

Germaniyada epidemiologik holat barqarorligini taʼminlash boʻyicha yangi choralar koʻrilmoqda. “RheinischePost” nashrining maʼlum qilishicha, mamlakat ichki ishlar vazirligining kotibi G.Krings fuqarolarga koronavirus xavfi yuqori boʻlgan hududlarga rejalashtirilgan safarlardan oldin xabardor qilish majburiyatini kiritishni taklif qildi.

Buning uchun fuqaro oʻzi yashab turgan joyidagi sogʻliqni saqlash departamentiga xabar berishi kerak.

Ayni paytda osoyishta boʻlmagan hududlardan qaytgan fuqarolar uchun 2 ta usul koʻzda tutilgan. Birinchisi - ular ketishdan 48 soat oldin test topshirib, uning ingliz yoki nemis tillaridagi natijasini taqdim etishlari kerak. Bunda barcha xarajatlar fuqarolarning oʻzi tomonidan qoplanadi. Ikkinchisi - ular Germaniyaga qaytganlaridan soʻng uch kun davomida oilaviy shifokor tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtishlari lozim boʻladi.

Venesuela prezidenti N.Maduro “Venezolanade Televisión” telekanali orqali chiqish qilib, koronavirus tufayli joriy qilingan favqulodda holatni yana bir oyga choʻzilishini maʼlum qildi. U shuningdek, 10-avgustdan boshlab karantin choralarini asta-sekin yumshatish boshlanishini ham eʼlon qildi. Noqulay epidemiologik vaziyat hukm surgan hududlar, jumladan poytaxtda yumshatish choralari asta-sekin joriy qilinadi.

Rossiyaning bir necha oliy oʻquv yurtlari 1-sentyabrdan boshlab xorijlik talabalar uchun masofaviy taʼlimni tashkillashtirishni rejalashtirishmoqda. TASS axborot agentligining maʼlum qilishicha, har bir guruh butun semetr davomida masofadan turib taʼlim oladi. Xorijlik talabalar va karantin tufayli ayrim sabablarga koʻra semestr boshida taʼlim dargohiga kela olmagan RF fuqarolari ham bu guruhga kiradi. Moskva fizika-texnika instituti, “LETI” Sankt-Peterburg davlat elektrotexnika universiteti, Qozon federal universiteti, Tomsk politexnika universiteti, Boltiq federal universiteti, Uzoq sharq federal universiteti, Novosibirsk davlat universiteti va Tyumen davlat universiteti shu tartibda oʻqishni boshlashni rejalashtirishgan.