Dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida

Oxirgi sutka davomida Sars-CoV-2 infeksiyasi bilan kasallanishning 208 ming yangi holati aniqlandi, oldingi kunlarda bu koʻrsatkich oʻrtacha 290 mingni tashkil etgan, yaʼni koronavirus tarqalishi surʼati qariyb 28 foizga pasaygan. Sogʻayganlar ulushi 62,8 foizdan 63 foizga oshdi. Braziliyada soʻnggi 2 oy ichida kunlik infeksiya yuqishining eng past koʻrsatkichi qayd etildi - 18 ming kishi. Biroq, Hindiston va AQSHda vaziyat haliyam tashvishli.

Statistika

“Worldometers” maʼlumotiga koʻra, 4-avgust holatiga dunyoda bemorlarning umumiy soni 18 million 443,4 ming kishini tashkil etdi, 697,1 ming kishi vafot etgan.

Kasallanish holati eng koʻp qayd etilgan davlatlar: AQSH - 4 million 862,1 ming, Braziliya - 2 million 751,6 ming va Hindiston - 1 million 855,3 ming kishi.

Oʻlim holati: AQSH - 158,929, Braziliya - 94,702, Meksika - 48,012, Buyuk Britaniya - 46,210, Hindiston - 38,971.

COVID-19dan davolanganlarning umumiy soni 11 672 917 kishiga yetdi, bu umumiy miqdorning 63,2 foizini tashkil etadi.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Qozogʻistonda kasallanganlarning umumiy soni 92,662 nafar, 62 511 kishi sogʻaygan, 793 fuqaro vafot etgan.

“Fergana.agency” xabar berishicha, 2-avgustdan boshlab mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirus va pnevmoniya boʻyicha statistikani alohida eʼlon qila boshladi. Biroq, statistika maʼlumotlarini taqdim etayotgan mahalliy manbalar va dunyo statistikasi Qozogʻiston boʻyicha raqamlarni pnevmoniya holatini hisobga olmagan holda koʻrsatmoqda.

Qirgʻizistonda ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 37 129 ga yetdi, 27 927 kishi tuzaldi, 1420 nafar fuqaro vafot etdi.

“Knews.kg” maʼlumotlariga koʻra, 17-iyuldan boshlab mamlakatda COVID-19 ning laboratoriya tomonidan tasdiqlangan va klinik-epidemiologik holatlarini birgalikda hisobga olish joriy etilgandan soʻng, Sogʻliqni saqlash vazirligi quyidagi bir qator muhim maʼlumotlarni eʼlon qilmay qoʻydi:

- jins, yosh, holati qayd etilgan hamda shifoxonalar kesimidagi oʻlim holati;

- tumanlar va shaharlar kesimida yangi raqamlar;

- yosh va jins kesimida yangi holatlar;

- bir sutkada COVID-19 boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar soni;

- statsionarda davolanayotgan bemorlar ahvoli toʻgʻrisida maʼlumot: ogʻir ahvoldagi, jonlantirish boʻlimidagi bemorlar soni va uyda oʻzini oʻzi yakkalash tartibiga oʻtganlar miqdori.

Tojikistonda kasallanganlarning umumiy soni 7538 ni tashkil etadi, 6317 kishi tuzaldi, 61 kishi vafot etdi.

Yevrosiyo barqarorlik va rivojlanish jamgʻarmasi (YEBRJ) Tojikistonga ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va pandemiya sharoitida moliyaviy sektor barqarorligini taʼminlash uchun 20 yil muddatga yillik 1 foizli 50 million kredit beradi.

TASS xabariga koʻra, bu haqda Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri, YEBRJ kengashi raisi Anton Siluanov maʼlum qildi. Bundan tashqari, uning soʻzlariga koʻra, Jamgʻarma kengashi tomonidan grantlarni moliyalashtirish maqsadida loyihalarni saralash boʻyicha navbatdan tashqari tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu mablagʻlar sogʻliqni saqlash tizimiga yoʻnaltiriladi. Jamgʻarmaga aʼzo davlatlarga koronavirus tarqalishiga tezkor javob qaytarish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar beriladi. Grantlar kishi boshiga yalpi milliy daromadi past darajada boʻlgan davlatlarga taqdim etiladi.

Dunyodagi soʻnggi tendensiyalar.

Kuni kecha JSST erta tashxis qoʻyish, oʻlim darajasi va tuzalib ketganlar soni toʻgʻrisida bir qator bayonotlar eʼlon qildi. Tashkilot eksperti M. Van Kerkxovening fikricha, ayni paytda odamlarning 10 foizdan kamrogʻi seropozitivdir, yaʼni ular qaysidir payt kasallikni yuqtirishgan va oyoqda turib oʻtkazgan. Tibbiyot xodimlari infeksiya yuqtirishga koʻproq moyil boʻlganligi sababli bu toifada koʻrsatkichlar yuqori.

Shuningdek, ekspert koronavirus infeksiyasidan oʻlishning haqiqiy darajasi rasmiy statistika boʻyicha hisoblangan koʻrsatkichdan kamroq boʻlishi mumkinligini taʼkidladi. Hozir oʻlim darajasi 3,8 foizdan koʻproqni tashkil etadi. Ayni payt ushbu mavzu boʻyicha koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda.

Van Kerkxove saʼy-harakatlarni infeksiya yuqtirishning oldini olishga safarbar etishga chaqirdi.

Shu nuqtayi nazardan, uning soʻzlariga koʻra, erta tashxis qoʻyishga eʼtibor berish lozim. Ekspress-testlar yaratilib, ularni ishlab chiqarish koʻlami butun dunyo boʻylab oshayotgani insonga optimistik kayfiyat bagʻishlaydi.

JSSTning ikki nafar mutaxassisdan iborat ekspert guruhi Xitoyda oʻz ishini yakunladi. TASS xabar berishicha, ularning faoliyati natijalari koronavirusning kelib chiqishini aniqlashga qaratilgan keyingi tadqiqotlar uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Tashkilot rahbari Tedros Gebreyeses dushanba kuni oʻtkazilgan brifingda ayni mazuga toʻxtalarkan, JSST va Xitoy ekspertlari tomonidan “JSST boshchiligidagi xalqaro guruh tadqiqotlari va faoliyati dasturi toʻgʻrisida”gi hujjat ishlab chiqilgani ilgʻor guruh missiyasi natijasidir, deya taʼkidladi.

U epidemiologik tadqiqotlar Uxan shahrida boshlanishini maʼlum qildi. Maqsad COVID-19ning erta holatida infeksiya ehtimoliy manbasini aniqlashdan iborat. Ish jarayonida paydo boʻladigan dalillar va farazlar keyingi uzoq muddatli tadqiqotlarga asos boʻladi.

COVID-19ga qarshi vaksina va dorilar ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar, tadqiqotlar

JSST bir qator nufuzli OAVning yirik davlatlar ishlab chiqilayotgan vaksinalarning birinchi partiyasini buyurtma qilib qoʻygani va vaksinalar boshqa davlatlarga yetmay qolishi mumkinligi haqidagi xabarlariga javob berdi. Tashkilot xabar berishicha, COVAX mexanizmi barcha mamlakatlar uchun COVID-19 ga qarshi vaksinani olish imkoniyatini taʼminlashga qaratilgan.

TASS xabariga koʻra, JSSTning rasmiy vakili T. Yazarevich COVAX barcha mamlakatlar uchun samarali vaksinani izlash jarayonini tezlashtiradi, deb taʼkidlagan. Maqsad butun dunyo COVID-19ga qarshi vaksinadan tez, adolatli va teng huquqli foydalana olishini kafolatlash. Bundan tashqari, 2021-yil oxiriga qadar vaksinaning 2 milliardga yaqin dozasini adolatli taqsimlash uchun COVAX ishlab chiqarish quvvatlari yoʻlga qoʻyilishini qoʻllab quvvatlaydi va xaridlarni amalga oshiradi. Hozircha 75 ta davlat COVAXga qiziqish bildirgan.

20-iyul kuni JSST rahbari koronavirusga qarshi boʻlajak vaksinani olish imkoniyati nafaqat badavlat odamlarda, balki hammada boʻlishi kerakligini aytib oʻtdi.

CNBS maʼlumotiga koʻra, Amerikaning “Regeneron Pharmaceuticals” biotexnologiya kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani hayvonlarda sinab koʻrish muvaffaqiyatli oʻtganini eʼlon qilgan. Koronavirusga qarshi ikkita antitanacha asosida tayyorlangan zardob hayvonlarda tekshirilganda “virusli infeksiya faoliyati, deyarli, toʻxtatdi”. Tajriba 36 ta rezus makaka va 50 ta olmaxonda oʻtkazildi. Shu bilan birga, kompaniya hayvonlarda oʻtkazilgan tajriba ushbu vosita odamlarga ham muvaffaqiyatli taʼsir qilishini kafolatlamasligini qoʻshimcha qildi.

Eslatib oʻtamiz, iyul oyida “Regeneron Pharmaceuticals” kompaniyasi AQSH Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligidan koronavirus infeksiyasini davolash va uni oldini olishga moʻljallangan eksperimental vositani ishlab chiqarish va yetkazib berish uchun 450 million dollarlik shartnoma olganini eʼlon qilgan. Ayni vosita yaxshi natija bersa, kompaniya davolash uchun 70.000 dan 300.000 gacha va infeksiyaning oldini olish uchun 420.000 dan 1.3 milliongacha doza yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

RIA-Novosti xabar berishicha, Rossiya Braziliya va Hindistonda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Rossiyada ishlab chiqilgan vaksinani olish uchun 20 dan ortiq mamlakatdan soʻrov kelib tushdi. Shu bilan birga, RTTIJ rahbari K. Dmitriyev “Avifavir” dori vositasi 15 dan ortiq davlatga, asosan Yaqin Sharq, Janubiy Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlariga yetkazib berilishini maʼlum qildi.

COVID-19 ning salbiy oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari

Germaniyaning “Tagesschau” portali xabariga koʻra, Norvegiya kruiz transportida harakatlanish boʻyicha cheklovlarni joriy qilmoqda. Mamlakat hukumati bortida 100 dan ortiq yoʻlovchi boʻlgan kemalarga Norvegiya portlarida toʻxtashni taqiqlaydi hamda yoʻlovchilar va ekipajning qirgʻoqqa chiqishiga yoʻl qoʻymaydi. Ushbu qaror mamlakatning eng yirik kruiz kompaniyasi - “Hurtigruten”ning “Roald Amundsen” kemasida koronavirus paydo boʻlganidan keyin qabul qilindi.

Dushanba kuni “Hurtigruten” “Roald Amundsen” kemasida koronavirus tarqalishi sababli ekspeditsiya kruizlarini nomuayyan muddatga toʻxtatishi haqida maʼlum qildi. Oʻtgan hafta ekipajning kamida 36 nafar aʼzosida yangi koronavirus aniqlangan.

“Azernews.az” taʼkidlashicha, Ozarbayjon hukumati 13 ta shahar va hududda qatʼiy karantin talablarini 31-avgustga qadar uzaytirgan. Cheklovlar bunday hududlarda dam olish kunlari jamoat transporti harakatini toʻxtatishni nazarda tutadi. Oziq-ovqat doʻkonlari va dorixonalar, restoran va kafe, muzey va koʻrgazma zallaridan tashqari yirik savdo markazlari yopiq boʻladi. Shuningdek, barcha ommaviy tadbirlar, jumladan sport musobaqalari, ochiq havoda oʻyinlar oʻtkazish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, yuqtirganlar soni kamayishini hisobga olgan holda, hukumat qatʼiy karantin amal qilgan shahar va tumanlarda bir qator yumshatishlarni joriy qildi. Xususan, uydan chiqish uchun SMS-ruxsat olish tizimi bekor qilinadi. Bundan tashqari, belgilangan qoidalarga rioya qilish sharti bilan plyajlarga borishga ruxsat beriladi.