Bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birlarini samimiy qutlab, O‘zbekiston va Tojikiston birodar xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbatda ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning birinchi galdagi vazifalari belgilandi.
Barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Davlat rahbarlari bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar. Mamlakatimiz yetakchisi birodar Tojikiston Prezidentiga 2021 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikda muvaffaqiyat tiladi.