Afg‘onistonning AQShdagi elchisi Roya Rahmoniy: O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan ham qo‘llab kelmoqda

Afg‘onistonning AQShdagi elchisi Roya Rahmoniy «Amerika ovozi» bilan muloqotda ta’kidlashicha, uning davlati O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan hamkorlikning yangi davrini boshlagan va umidga to‘la. Afg‘oniston o‘z tinchligi va farovonligi yo‘lida ularga tayanadi.

«O‘zbekiston hukumati olg‘a surgan tashabbuslar, xususan tinchlik muzokaralari bizga juda ma’qul», deydi Rahmoniy.

«Bu qo‘shnimiz bizga iqtisodiy jihatdan ham yordamlashib kelmoqda. Madaniy-ma’rifiy loyihalar ishga tushgan, shuningdek, biznes va savdo ham astalikda oshib bormoqda. Biz faqat oldinga qadam tashlaymiz, degan umiddamiz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston rasmiy Toshkentning hozirgi say’-harakatlaridan minnatdor va aloqalarni yangidan qura boshlaganidan juda mamnun. O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish hamda ushbu mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash borasidagi loyihalari, tashabbuslari albatta o‘z samarasini beradi, - deydi elchi.

Manba: Uza.uz