Aholi bandligi va farovonligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-iyun kuni qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlari hajmini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Joriy yilda bandlik dasturi doirasida 457 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Buning asosiy manbalari qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, savdo va servis sohalaridir.

Masalan, magistral yo‘llar bo‘yida savdo va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shahar va tuman markazlarida maxsus ko‘chalar tashkil etish orqali 150 mingta ish o‘rni yaratish mumkin.

Aholi bandligini ta’minlashdagi yana bir katta zaxira – yer. Shu yil yanvarda yoshlarga ekin maydonlaridan yer ajratilgani yaxshi natija berdi. Endi, Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinadi.

Buning uchun joriy yildan boshlab qariyb 100 ming gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ishsiz aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun beriladi. Paxta hosilidan keyin ushbu maqsadlar uchun yana 100 ming gektar yer ajratiladi.

– Yoshlarga yer berilishi tajriba bo‘lgan edi. Endi katta tizimga o‘tyapmiz. Yerni haqiqiy egasiga – xalqqa beramiz. Hokimlar, sektor rahbarlari qaysi paxta va g‘alla maydonini qisqartirishni aniqlab, ularni ishsiz aholiga berishi zarur. Berganda ham, manfaatdor qilib, adolatli ajratish kerak. Bu yuz minglab odamlarimizni ish bilan, daromad bilan ta’minlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga yer olgan aholiga urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Sir emaski, yer uchastkalarini ajratish masalasi eng chigal muammo, korrupsiyalashgan jarayon edi. Shu bois bugun, 8 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Endi, tadbirkorlik uchun yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechiladi va yerlar hamma uchun bir xil va oshkora, elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotiladi yoki ijaraga beriladi. Tuman va shahar hokimlarining yer ajratish va ularni qaytarib olish bilan bog‘liq barcha vakolatlari bekor qilindi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari mazkur farmonning ahamiyatiga to‘xtalib, joylarda uning ijrosini tashkil etish, halollik va qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aholi farovonligiga daxldor yana bir masala oziq-ovqat mahsulotlarining arzonligidir.

– Narx-navoni arzon qilish bu tadbirkor va chorvadorlarni majburlash, ularga mahsulotini past narxlarda sottirish, degani emas. Birinchi galda, bozorda taklifni ko‘paytirish kerak, – dedi Prezident.

Buning uchun qisqa muddatlarda yuqori natija beradigan yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Shunday tarmoqlardani biri – parrandachilik.

Masalan, parranda 1 kilogramm vazn olishi uchun 1,7 kilogramm, qoramolga esa 8 kilogramm ozuqa-yem talab etiladi. Lekin yurtimizda parranda go‘shti ham, tuxum ham aholi jon boshiga hisoblaganda kam yetishtiriladi.

Shu bois yig‘ilishda parranda sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar belgilandi. Ya’ni, tuxum uchun subsidiya miqdori 3 baravar, parranda go‘shti uchun esa 2 baravar oshiriladi. Omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablag‘ni to‘ldirish va parrandachilik loyihalari uchun kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi qoplab beriladi.

Parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleks loyihalari bo‘yicha xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinadi. Parrandachilik korxonalari uchun foyda, mol-mulk, yer va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Bu tarmoqdagi loyihalarni amalga oshirish uchun Mikrokreditbank orqali davlat tomonidan 50 million dollar resurs ajratiladi.

Mutasaddilarga ushbu tartib va imtiyozlarni joriy qilish, mavjud korxonalarning to‘liq quvvatlarga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Xususiy sheriklik asosida mahallalarda mini-inkubator va mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkichlar tashkil etish, xonadonlarda parranda yetishtirishni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. 

Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qayta tashkil etib, sharoitimizga mos, naslli parranda zotlarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Mazkur institutni zarur uskuna va jihozlar bilan ta’minlash, naslli zotlar olib kelish uchun 10 milliard so‘m ajratiladi.

Chorvachilik sohasida 1 mingdan ortiq, baliqchilik yo‘nalishida 317 ta loyihani ishga tushirib, go‘sht yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.     

Joriy yilda suv tanqisligini inobatga olib, quduq qazishga 200 milliard so‘m ajratilishi aytildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan kamida 10 ming gektar yerni ozuqa-yem yetishtirishga moslashtirish mumkin.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari ishsizlikni kamaytirish, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini oshirish va narxlar barqarorligini ta’minlash choralari bo‘yicha axborot berdi.

Manba