“Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bo‘yicha sa’y-harakatga chaqiriq O‘zbekiston tomonidan imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bo‘yicha sa’y-harakatga chaqiriqning O‘zbekiston tomonidan imzolanishi marosimida ishtirok etdi hamda videomurojaat yo‘lladi.

Ta’kidlash joizki, 2019-yil fevral oyida AQSh prezidenti maslahatchisi I.Tramp “Ayollar taraqqiyoti va farovonligi global tashabbusi” bilan chiqdi. Mazkur tashabbus dunyo bo‘ylab ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 18 ta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, 122 mln. AQSh doll. qiymatidagi byudjetga ega.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda xotin-qizlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada qator ijobiy natijalarga erishilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Imzolangan hujjatning maqsad va tamoyillari mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati bilan hamohang ekanligi qayd etildi. 

Bu tashabbus dunyoda gender tenglikni ta’minlash ishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Mazkur hujjat ayollarni mamlakat iqtisodiy hayotida ilgari surish va to‘laqonli, erkin ishtirok etish, iqtisodiy o‘sish, barqarorlik va tinchlik uchun yanada ko‘proq imkoniyatlarni ochishga chorlaydi.

O‘zbekiston esa mazkur yo‘nalishda xalqaro miqyosda manfaatli hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.

Manba