Berlinda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti mutaxassislari Fridrix Ebert nomidagi jamg’armaning Markaziy va Sharqiy Yevropa bo’limi vakillari Daniel Reichart va Sonja Shirmbek bilan uchrashuv o’tkazdi.
Fridrix Ebert jamg’armasi Germaniyaning Sotsial-demokratik partiyasi bilan bog’liq bo’lgan ushbu davlatning eng qadimgi siyosiy jamg'armasi hisoblanadi. U 1925 yilda Germaniyaning demokratik yo’l bilan saylangan birinchi prezidenti Fridrix Ebertning siyosiy merosi sifatida tashkil topgan. Jamg’armaning asosiy faoliyati demokratik qadriyatlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida SMTI hodimlari O’zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarga mo’ljallangan rivojlanishning beshta ustuvor yo’nalishlarini amalga oshirilishi bo’yicha tegishli ma’lumotlarni taqdim etdilar.
Germaniya tomoni O’zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning muhimligini ta’kidladi. Mintaqadagi eng yirik mamlakatda hayotning barcha jabhalarida ijobiy o’zgarishlar Markaziy Osiyoda uzoq muddatli barqarorlik uchun muhim omil bo’lmoqda.
Yangi sharoitda O’zbekiston-Germaniya munosabatlarini siyosiy va diplomatik sohada rivojlantirish, o’zaro savdoni kengaytirish, sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash dolzarbligi kuchaymoqda. Ikki tomonlama hamkorlikning faollashuvi nafaqat O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy usish, balki Markaziy Osiyo va Afg’onistonning barqaror rivojlanishiga ham yordam beradi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda tashkil etilgan samarali hamkorlikni qayd etdilar. Markaziy Osiyo va Evropa ekspertlari o’rtasida o’zaro uchrashuvlarni tashkillashtirish, ilmiy adabiyotlarni nashr etish va dolzarb siyosiy tadqiqotlar o’tkazish bo’yicha birgalikda ishlashni davom ettirish borasida qiziqish bildirildi.